Sogdiana 1984 yil 17 fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Sogdiana
juda ham yoshligidan turli xil bolalar tadbirlarida, bayramlarda faol
ishtirok etardi. 1991 yil Glier nomli maxsus musiqa maktabiga o’qishga
kirdi. U yerda fortepiano yo’nalishi bo’yicha tahsil oldi. Katta
pioninochi bo’lib yetishishiga ishonch bor edi. Hatto turli xil
tadbirlarda ishtirok etib, laureat ham bo’lgan. 1996 yili Uspenskiy
nomidagi musiqa maktabiga o’qishga kirib, u yerda ham fortepiano
bo’yicha dars oldi. Aynan mana shu yili Sogdianada estrada san’atiga ham
qiziqish uyg’ondi. 1998 yildan buyon Dilorom Omonullaeva ustozligida
vokal bo’yicha dars ola boshladi.
Sogdiana yakkaxon ijodini boshlashidan avval "Skitles” nomli
qizlar guruhida qo’shiq kuylab yurdi. "Skitles” guruhida 7 nafar qiz
faoliyat yuritardi. Biroq bu guruh atigi bir necha haftagina ijod qildi
xolos. So’ng yarim yil "Virtek” nomli duet guruhida ijod qildi. Oradan
biroz vaqt o’tgach guruhning bir vakili sahnani bir umrga tark etishini
ma’lum qilgach, Sogdiana endilikda yakkaxon kuylashi lozimligini
angladi.
Yakkaxon ijod qilish avvaliga Sogdianani ancha qiynadi. Bugungi
murakkab estrada olamida o’z o’rnini topib olish – bu menimcha eng qiyin
vazifa! Eng asosiy yo’l esa avvaliga repertuarga to’g’ri qo’shiq
tanlash, aktyorlik mahoratini oshirish va sahna harakatlarini o’rganish
edi…
2001 yil O’zbekiston Milliy Konservatoriyasiga, estrada fakultetiga o’qishga kirdi.
Shuningdek, Sogdiana ko’plab turli tadbir va festivallarda
ishtirok etdi. Bu kabi festival va tadbirlar ijodiy parvozlarga ilhom
bag’ishlab, san’atkorni kuchli va irodali bo’lishiga yordam beradi,
o’ziga bo’lgan ishonchni yanada ortishiga sababchi bo’ladi. Shu yili
"Mening ko’nglim” nomli, 13ta qo’shiqdan iborat "Mening ko’nglim” nomli
ilk albomi ham sotuvga chiqdi.
Aslida barchasi 1997 yil boshlangan edi. O’shanda Sogdiana
yurtimizda o’ziga xos mavqega ega bo’lgan "Poyte s nami” ("Biz bilan
kuylang”) televizion tanlovida ikki bor ishtirok etgan edi. Birinchi
ishtiroki yuqorida aytganimizdek, 1997 yil bo’lgan edi, o’shanda
Sogdiana atigi 13 yoshda edi (tanlovda esa 16 yoshdan kattalar ishtirok
etishga haqli), bo’ylari uzungina, qaddi-qomati kelishgan qiz
bo’lganligi uchun ham 16 yoshli qiz sifatida ishtirok etgan…
Ikkinchi ishtirokida 16 yoshga to’lgan edi va fahrli ikkinchi
o’rinni zabt etdi. Keyin esa professional tanlovlarda ishtirok eta
boshladi: "Sado- 99” tanlovida birinchi o’rinni; "Aziz ona yurtim
navolari” tanlovida ikkinchi o’rinni (birinchi o’rin hech kimga nasib
etmagan); "O’zbekiston – bizning umumiy uyimiz” festivalida "Eng yaxshi
ovoz sohibasi” yo’nalishida g’oliblikni qo’lga kiritgan.
Shundan so’ng 2003 yil Sankt-Peterburg shahriga xalqaro
festivalda ishtirok etish uchun yo’l oldi. Birinchi bor xalqaro
festivalda ishtirok etganligi bois juda ham hayajonlanib, qo’rquvdan
o’zini yoqotib qo’yishiga oz qoldi. Ammo u yerda ham laureat bo’lib
qaytish Sogdiananing navbatdagi katta yutug’i edi. Mazkur tanlovda
g’oliblikni qo’lga kiritish uchun uning "Ishon” va "Hero” nomli
mualliflik qo’shiqlari yordam berganini alohida ta’kidlab o’tish
o’rinli.
Sogdiana o’zining ilk qo’shig’ini 4 yoshligida yozganligi
ko’pchilikni hayratga solishi tabiiy. Ushbu qo’shiq o’zining jajji
kuchukchasiga atab kuylangan edi. Umuman jonivorlarni (asosan
kuchukchalarni) xush ko’ruvchi Sogdianani qo’shiq so’zlari
ta’sirlantirib, mazkur qo’shiqni yaralishiga sabab bo’lgan bo’lsa ajab
emas.
2003 yil O’zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov
tomonidan ta’sis etilgan "Nihol” (eslatib o’tamiz mazkur mukofot
faqatgina 30 yoshgacha bo’lgan ijodkorlarga taqdim etiladi) mukofotini
qo’lga kiritdi. Bu nufuzli mukofot uni yanada ijodga jiddiy
yondashishiga sababchi bo’ldi.
2005 yil Sogdiana Bolgariyaning Varna shahriga XIV xalqaro
pop-musiqasi festivaliga yo’l oldi. Mana shu nufuzli festivalda ham eng
yaxshi ijro uchun ikkinchi o’rinni qo’lga kiritdi (uchinchi o’rin
maltaliklarga, birinchi o’rin esa italiyalik xonandalarga nasib etdi).
Darvoqe, agarda italiyalik yana ozgina bal yig’a olganda gran-pri
sovrindoriga aylanardi, Sogdianaga esa birinchi o’rin tegardi… Shuni
o’zi ham katta yutuq shunday emasmi? Ha aytgancha, Sogdiananing
iste’dodiga tan bergan prodyuser va hay’at a’zolari sevimli xonandamizni
Makedoniyaga "Eurofest” festivaliga taklif qilishganliklari ham buni
isboti bo’la oladi. Ushbu festival turli xil Evropa festivallari va
tanlovlarida g’oliblari festivali sanaladi (ahamiyat bering-a,
italiyalik burnini tishlab qoldi)…
2005 yili Bakalavr kurslarini tamomlab, shu zahotiyoq eng katta
ballar bilan O’zbekiston Milliy Konservatoriyasini Magistraturasiga
o’qishga kirdi.
Sogdiana uchun 2005 yil juda katta yutuqlar olib keldi. Jumladan,
noyabr oyida Italiyaning Solerno shahrida o'tkazilgan "Canzoni dal
mondo" xalqaro pop musiqasi festivalida ishtirok etib, bir emas naqd
ikki yo'nalish bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdi. Ya'ni, biri
"Festivalning eng yaxshi xonandasi" yo'nalishida bo'lsa, ikkinchisi "Eng
yaxshi aranjirovka" ("Yurak mahzun" qo'shig'i uchun, Ravil Gimazutdinov
aranjirovkasi) yo'nalishida tengsiz deb topildi.
"Ovora bo'lma", "Netay", "Yurak mahzun" qo'shiqlariga ishlangan
kliplari ham muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Sogdiananing
chiroyli tabassumi, xushchaqchaqligi va yulduzlik kasalligidan yiroqligi
uning eng asosiy yutug'idir.